Chorshanba, Avgust 20, 2025
HomeyangiliklarBITTA SNARYAD – BITTA NISHON!

BITTA SNARYAD – BITTA NISHON!

Artilleriya davlatimiz xavfsizligining daxlsizligini ta’minlovchi, milliy armiyamizning salohiyatini oshiruvchi qo‘shin turlaridan biri sanaladi. Doimiy o‘tkazib kelinadigan o‘quv mashg‘ulotlari jangovar tayyorgarlikni yanada oshirish imkoniyatini beradi. Bu galgi “trevoga” ham Mudofaa vazirligi tizimida faoliyat yuritayotgan artilleriya qo‘shinlarining hushyorligini yana bir bor sinovdan o‘tkazdi.

Yig‘in nuqtasi Markaziy harbiy okrugning “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydoni etib belgilandi. “Trevoga” signalidan so‘ng Toshkent, Markaziy hamda Janubi-g‘arbiy maxsus harbiy okruglardan yo‘lga otlangan soha mutaxassislari dastavval harbiy texnikalarni temiryo‘l platformasiga yuklashga kirishdi. Dastlab temiryo‘l bekati, shoxobchasi va aeroporti harbiy harakatlar tarkibiy bo‘limiga mutaxassislar tomonidan yo‘riqnoma o‘tilib, harbiy texnika va harbiy yuklarni temiryo‘l harakatchan tarkibi (vagon)ga yuklash bo‘yicha ko‘rgazmali mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Texnikalar yuklangach, harakat temiryo‘l orqali davom ettirildi. Qo‘shinlar jangovar shayligini mustahkamlash hamda bo‘linmalar va texnikalarni bir joydan ikkinchi joyga olib o‘tishda uzilishlarning oldini olish maqsadida tashkil etilgan ushbu jarayonda asosiy e’tibor xavfsizlik talablariga rioya etish va texnikalarni vagonlarga yuklashda ehtiyot choralariga e’tibor qaratish lozimligi yana bir bor sinovdan o‘tdi. Bu oraliqda Kattaqo‘rg‘on garnizonidagi harbiy qism shaxsiy tarkibi ham yuqori jangovar shay holatga keltirib, uzoq masofaga avtoyo‘l orqali marsh amalga oshirildi. Kolonna birin-ketin harakatlanib, dala-o‘quv maydoniga yetib keldi.

Oxiri ko‘rinmaydigan, sarg‘ayib qolgan giyohlardan boshqa biror daraxt yoki butalarga ko‘z tushmaydigan, uzoq kengliklarga tutashib ketgan “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydoni o‘rtasida harbiylar artilleriya qurollarini joylashtirish bilan shug‘ullanmoqda. Har zamonda esib turadigan issiq shamolni hisobga olmaganda, doimiy sokinlik hukm surardi. Vatan himoyachilari nafaqat shartli dushman bilan, balki tabiat injiqliklari bilan ham kurashishga majbur edi.

Navbat amaliy mashg‘ulotlarga yetib kelgach, o‘t ochish pozitsiyalarini muhandislik jihozlash, muhitga mos niqoblanish, uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida nishon koordinatlarini tez sur’atda aniqlash va uni yakson etish usullari bo‘yicha ishlab chiqilgan yangi taktik qo‘llanmalar asosida o‘zaro tajriba almashildi. Uchuvchisiz uchish apparatlari yordamida nishonlarni
152 mm gaubitsali pushkalar orqali yakson etish dastlab batareya shaxsiy tarkibiga yuklatildi.

– O‘ttiz ming metrgacha bo‘lgan masofada “Bitta snaryad – bitta nishon” shiori ostida nishonlar yakson etildi, – deydi kapitan Husniddin Bahromov. – Bunday amaliy mashg‘ulotlar tajribamizni oshiradi. Vaziyat kezi kelganda, nafaqat jamoaviy, balki guruhimiz ham tezkor qarorlarni qabul qilishi kerakligiga o‘rgatadi. Tezkor va aniq qabul qilingan qarorlar, murakkab vaziyatlarda nishonlarning yakson etilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi. Bugungi o‘quv mashg‘ulotida ham qo‘mondonlik punkti orqali berilgan topshiriqlarni a’lo darajada bajarishga harakat qildik. Bizning vazifamiz nishonni aniq mo‘ljalga olish edi va biz buni uddaladik.

Artilleriya stvolidan chiqayotgan snaryadlar o‘zidan olov, chang va kuchli ovoz qoldirgancha belgilangan nishon tomon uchishni boshladi. Ketma-ketlikda davom etgan o‘t ochish jarayoni 5-6 daqiqa ichida to‘xtatildi hamda uzoqni yaqin qiluvchi moslama yordamida nishonlar ko‘zdan kechirildi. Shartli dushmanning asosiy kuchlari yakson etilgani aniqlangach, artilleriya nishonlarining koordinatalari qochishga urinayotgan dushman texnikalariga qaratildi. Masofa ancha olis bo‘lgani bois mutaxassislar koordinatalarni snaryad borib tushishi mumkin bo‘lgan vaqtni hisobga olgan holda harakatli obyektga yo‘naltirdi. Bitta snaryad va bitta nishon! Harakatdagi obyekt yo‘q qilindi. Uzoqni yaqinlashtiruvchi moslama yordamida biror holat aniqlanmagach, uchuvchisiz uchish apparatlari orqali shartli dushman joylashgan nuqta yana bir bor ko‘zdan kechirildi. So‘nggi xulosa aniq, nishon batamom yo‘q qilingan. Shundan so‘ng artilleriyadan o‘t ochish to‘xtatildi… Uzoq kengliklarga tutashib ketgan “Kattaqo‘rg‘on” dala-o‘quv maydoniga yana sokinlik cho‘kdi.

Shundan so‘ng divizion va batareyalarning hamkorlikda amalga oshirgan amaliy mashg‘ulotlari tahlili muhokama qilinib, divizionlarning jangovar shayligini oshirish, qurol-aslaha, reaktiv qurilma va o‘ziyurar artilleriya texnikalarini samarali qo‘llash bo‘yicha yangi tajribalarni amaliyotga kiritish masalalari bo‘yicha bilimlar mustahkamlandi.

Kolonna birin-ketin harakatlanib, dala-o‘quv maydonini tark etarkan, quloqlarim ostida hali ham gumburlagan sadolar chalinib turardi. Salgina oldin besh yashar o‘g‘limning oyisi bilan bog‘da sayr qilib yurgani, 4 ta attraksionga chiqarib, beshinchisiga yo‘q degani uchun onasidan nolib, menga telefon qilgani esimga tushdi. Beixtiyor yuzimga kulgi yugurib, “Tinchligimizga ko‘z tegmasin!” degancha kolonna ortida bizni kutib turgan mashina tomon yura boshladim…

 

Sherzod SHARIPOV,

“Vatanparvar”

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here

Must Read

Google search engine